UzAirways samolyoti Krasnoyarskga favqulodda qo‘ndi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga tegishli Boeing 767 samolyoti bugun, 21-yanvar kuni Toshkent – Vladivostok yo‘nalishi bo‘yicha parvoz chog‘ida favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Hodisaga samolyotning birinchi dvigateli ishlamay qolgani sabab bo‘lgan.
Ekipaj qarori bilan havo kemasi Rossiyaning Krasnoyarsk shahri aeroportiga yo‘naltirildi va mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da muvaffaqiyatli qo‘ndi. Samolyot bortida jami 122 kishi – 101 nafar yo‘lovchi, 5 nafar ekipaj a’zosi va 16 nafar bortkuzatuvchi bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmadi.
Favqulodda qo‘nish vaqtida aeroportning barcha xizmatlari to‘liq shay holatga keltirilib, xavfsizlik qoidalariga muvofiq zarur choralar ko‘rildi. Qo‘nishdan so‘ng yo‘lovchilar chegara va bojxona nazoratidan o‘tkazilib, Rossiya Federatsiyasi aviatsiya qoidalariga muvofiq terminalning umumiy hududiga joylashtirildi.
Samolyot texnik ko‘rikdan o‘tkazilguniga qadar parvozlardan chetlatildi. Uzbekistan Airways Vladivostok yo‘nalishi bo‘yicha parvozni davom ettirish uchun zaxira samolyot yuborishini ma’lum qildi. Yo‘lovchilarni manzilga 22-yanvar kuni yetkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron havo hududi yopilishi sabab qator xalqaro reyslar ortga qaytgani haqida yozgandi.