Rossiyada terrorchilikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

eʼlon qilindi
General Igor Kirillovga qarshi uyushtirilgan terakt ijrochisi sifatida ayblangan
Foto: TASS

Rossiyada general Igor Kirillovga qarshi uyushtirilgan terakt ijrochisi sifatida ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Ahmadjon Qurbonov umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda RBC nashri xabar berdi.

Hukm 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi sudyalar hay’ati tomonidan e’lon qilindi, shuningdek, unga 1 mln rubl miqdorida jarima belgilandi.

Sud materiallariga ko‘ra, Qurbonov 2024-yil dekabr oyida general Kirillov yashagan uy oldida portlovchi moslama o‘rnatilgan elektr samokatni qoldirgan. Portlash oqibatida general Igor Kirillov va uning yordamchisi mayor Ilya Polikarpov halok bo‘lgan. Tergov tafsilotiga ko‘ra, terakt masofadan boshqarilgan va jarayon videokuzatuv orqali Ukrainaga uzatilgan.

Ish bo‘yicha yana bir necha shaxslar ham jazoga tortildi. Portlovchi modda yetkazib bergan Robert Safaryan 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Qurbonovga vaqtincha boshpana bergan Batuxan Tochiev 22 yilga, Ramazon Padiev esa 18 yilga qamaldi. Ularga ham turli miqdorda jarimalar tayinlandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, terakt Ukraina Xavfsizlik xizmati topshirig‘i bilan amalga oshirilgan. Qurbonovga buning evaziga $100 ming, yangi hujjatlar va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida yashash huquqi va’da qilingan. Mablag‘larning bir qismi kriptovalyuta orqali berilgani aytiladi, biroq u va’da qilingan mukofotni ololmagan.

Sud jarayoni 2025-yil noyabr oyidan yopiq tarzda o‘tkazildi. Rossiya huquq-tartibot idoralari buni xavfsizlik va provokatsion harakatlarning oldini olish zarurati bilan izohladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Tailandda o‘zbekistonlik turist 16 yoshli qizga tajovuzda ayblanib ushlangani haqida yozgandi.

Shuningdek