Kredit to‘lovlari kechiktirilganda qo‘llaniladigan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish zarur — Markaziy bank

eʼlon qilindi
Kechiktirilgan to‘lov summasi uchun hisoblanadigan foizlar yillik stavkaga nisbatan 1,5-3 barobarga ortmoqda
Kredit to‘lovlari kechiktirilganda qo‘llaniladigan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish zarur
Kredit to‘lovlari kechiktirilganda qo‘llaniladigan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish zarur / Foto: SI

Markaziy bank kredit to‘lovlari kechiktirilganda banklar tomonidan qo‘llaniladigan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.

Regulyator o‘rganishlariga ko‘ra, ba’zi hollarda banklar tomonidan qo‘llanilayotgan sanksiyalar miqdori kreditning dastlabki qiymatiga yoki kreditorning haqiqiy xarajatlariga nisbatan mutanosib emas.

Masalan, kechiktirilgan to‘lov summasi uchun hisoblanadigan foizlar kredit shartnomasida belgilangan yillik stavkaga nisbatan 1,5-3 barobarga ortmoqda, ba’zi holatlarda esa yillik 150-180 foizga ko‘paymoqda. Bundan tashqari, kredit bo‘yicha foizlarni to‘lash muddati kechiktirilganda, kunlik penya hisoblanib, uning yillik miqdori kreditning dastlabki qiymatidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Ba’zi holatlarda esa qo‘shimcha bir martalik jarimalar ham kiritilmoqda.

Markaziy bank bunday amaliyotlar kreditorlar uchun kechikishning oldini olishdan ko‘ra, kechikishdan foyda olishni rag‘batlantirayotganini ta’kidladi. Bu holatlarning mavjudligi kreditlash shartlarining shaffofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bu esa ijtimoiy xatarlarning ortishiga, fuqarolar murojaatlari sonining ko‘payishiga va bank tizimiga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli Markaziy bank majburiyatlarni kechiktirib bajarganlik uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi lozimligini va bu holatlarni hal qilish uchun qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq onlayn kredit olishda firibgarlikka uchraganlardan kreditni undirish to‘xtatilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqaroga, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb e’tirof etilganda, mazkur onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undan undirishni to‘xtatadi.

Shuningdek