Quvada shaftolining yangi navi yaratildi

eʼlon qilindi
Ko‘chatlar xorijga eksport ham qilinadi
Quvada shaftolining yangi navi yaratildi / Foto: O‘zA

Quva tumanida faoliyat yurituvchi bog‘bon Jahongir Botirov oilasi bilan birga yangi «Patagonia» nomli shaftoli navini yaratdi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.

Jahongir Botirov oilasi beshinchi avlod ko‘chatchilik bilan shug‘ullanadi. Ular yetishtirgan ko‘chatlar barchasi sifatli, serhosil va erta meva beruvchi bo‘ladi. Bog‘bonning aytishicha, ular 10 gektar maydonda gilos, shaftoli, o‘rik, nok, behi va olxo‘ri kabi ko‘chatlarni yetishtirib, bir yilda 800 ming dona hosil beradi. Yangi navlar yaratish ustida ham ish izchil olib borilmoqda. Shaftolining «Patagonia» va «Bigben» navlari ishlab chiqilgani bunga misoldir.

Foto: O‘zA

Botirov yangi bog‘bonlar bilan hamkorlik qilgan holda, ikki yillik shartnoma asosida maydon ajratadi va bog‘ yaratadi. Ba’zi ko‘chatlar, masalan, nok, ilgari 7 – 10 yilda meva berardi, ammo Jahongir uch yoshli ko‘chatni meva beradigan qilib yetishtirgan. Shuning uchun ularning ko‘chatlariga uzoq viloyatlar va hatto chet eldan ham xaridorlar bor.

Yetilgan ko‘chatlar Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinadi. Xususan, Tojikiston va Qirg‘iziston ko‘proq olma va o‘rik ko‘chatlarini sotib oladi. Shuningdek, manzarali ko‘chatlar ham yetishtiriladi. Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 25 ming dona shunday ko‘chatlar jo‘natilish arafasida turibdi.

Foto: O‘zA

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonning shaftoli eksporti 2,2 baravarga oshgan edi.

Shuningdek