Hyundai Ioniq 5 N bazasida 149 ming dollarlik superkar yaratildi

Formula-1 tarixidagi ilk Konstruktorlar kubogi sohibi bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Vanwall brendi yana katta sahnaga chiqdi. Nemis muhandislari Hyundai Ioniq 5 N elektromobili negizida cheklangan seriyadagi Vandervell modelini yaratishdi.

Germaniyaning Greding shahrida yig‘iladigan ushbu elektromobilning tashqi ko‘rinishi 1980-yillardagi ralli afsonalari Audi Sport Quattro va Lancia Delta S4 modellarini eslatadi. Kuzov to‘liq uglerod tolasidan (karbon) ishlangan bo‘lib, bu mashinani sezilarli darajada yengillashtirishga xizmat qilgan. Vanwall uch xil versiyani taklif qilmoqda: H-GT, N-GT va eng yuqori ko‘rsatkichli N-GT Thin Wall Special.

Eng e’tiborli jihati Thin Wall Special versiyasi bo‘lib, muhandislar uning vaznini Hyundai’ga nisbatan qariyb 230 kgga kamaytirishga erishgan. Natijada elektromobil 0 dan 96 km/soat tezlikka bor-yo‘g‘i 2,7 soniyada chiqadi. Taqqoslash uchun, zavoddan chiqqan Ioniq 5 N bu natijani 3,4 soniyada qayd etadi.

Mashina salonida Konnolli charmi va yuqori sifatli velyur ishlatilgan. Vanwall ushbu modeldan atigi 500 dona ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lib, uning boshlang‘ich narxi $149 ming etib belgilangan. Bu oddiy Ioniq 5 N narxidan ikki barobar qimmatdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hyundai 2025-yilda rekordli savdolarni amalga oshirgani haqida xabar bergan edi.