O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetdi

2025-yilning yanvar-dekabr oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi $81,2 milliardga yetdi, bu 2024-yilga nisbatan 20,7 foizga ko‘pni tashkil qiladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.

Mamlakatning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi $33,8 milliardga (2024-yilga nisbatan 24 foizga o‘sdi) va import hajmi $47,4 milliardga (18,5 foiz o‘sish) yetdi.
Eksportdagi asosiy davlatlar
O‘zbekiston jahonning 210 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Respublika tashqi savdo aylanmasining yuqori ulushi Xitoy (21,2 foiz), Rossiya (16 foiz), Qozog‘iston (6,1 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 71,1 foizni tashkil etib, jumladan, sanoat tovarlari (11,8 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,7 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (6,3 foiz) va har xil tayyor mahsulotlar hissasi yuqori (5 foiz) bo‘ldi.

Eksport hajmi
2025-yilning yanvar-dekabr oylarida tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,8 foiz), Xitoy (7,3 foiz), Qozog‘iston (4,6 foiz), Afg‘oniston (4,5 foiz), Turkiya (3,4 foiz), Fransiya (2,6 foiz), Qirg‘iziston (2,3 foiz), BAA (2,1 foiz), Tojikiston (2 foiz) va Pokiston (1 foiz) kabi davlatlar bo‘ldi. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Qancha meva va sabzavotlar sotildi
O‘tgan yili O‘zbekiston 2,16 mln tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan, ushbu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 6,2 foiz yoki 126,6 ming tonnaga oshganini ko‘rsatmoqda. Ushbu mahsulotlar eksporti tufayli respublika balansiga $2,12 milliard tushgan, bu 36,9 foizlik o‘sish degani. Natijada meva-sabzavot mahsulotlarining jami eksportdagi ulushi 6,3 foizni tashkil qildi.

To‘qimachilik mahsulotlari ortidan kelgan daromad
2025-yilda $2,63 milliardlik to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi, bu umumiy eksportning 7,8 foiziga teng. Ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 8,2 foizga kamaydi. Eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari tarkibida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari (54,3 foiz), ip kalava (27 foiz) asosiy ulushni egallagan.

Xizmatlar eksporti
Eksportning ushbu yo‘nalishidan $9,76 milliard pul kelib tushgan. Bu jami eksport hajmining 28,9 foizini tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 28,9 foizga o‘sish kuzatildi. Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi safarlar (50 foiz), transport (33 foiz), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot (9,4 foiz) va boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar (3 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Import miqdori
Import hajmi $47,4 milliardga yetdi, bu 2024-yilga nisbatan 18,5 foizga yuqorilash degani. Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelib, ular umumiy importning 33,8 foizini tashkil etdi. Bundan tashqari, sanoat tovarlari (15,3 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (11,8 foiz) ham bor.

Tovar va xizmatlar importi dinamikasi
Tovarlar importi dinamikasi tahliliga ko‘ra, o‘tgan yilda import qilingan tovarlar hajmi 2024-yilga nisbatan $6,8 milliardga ko‘paydi va 42,1 milliardni tashkil etdi. Xizmatlar importi hajmi esa $5,27 milliardga yetdi.
O‘zbekiston nechta davlatdan narsa sotib oldi
2025-yil yanvar-dekabr oylarida mamlakat 180 dan ortiq davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirdi. Yirik hamkor davlatlar, jumladan, Xitoy (31,2 foiz), Rossiya (18,3 foiz), Qozog‘iston (7,2 foiz), Turkiya (4 foiz), Janubiy Koreya (3,5 foiz), Germaniya (2,7 foiz) va Hindiston (2,4 foiz) jami importning 60 foizdan ortig‘ini tashkil etdi.

Avvalroq «Kursiv» Xitoy va Markaziy Osiyoning savdo aylanmasi $100 milliarddan oshgani haqida yozgandi.