Jahonda oltin narxi 4,9 ming dollardan oshdi

Jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. 23-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:17 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $4 953 mingni tashkil etdi.
Grenlandiya bo‘yicha kelishuvdan so‘ng AQSh va Yevropa o‘rtasidagi keskinlik yumshatilganiga qaramay, oltin narxi oshmoqda. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ushbu o‘sishga siyosiy noaniqlik va kutilmalarning yumshashi sabab bo‘lgan.

Donald Tramp va NATO Bosh kotibi Mark Rutte o‘rtasidagi Shveysariyada o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Tramp 1-fevraldan kuchga kirishi kutilgan sakkizta Yevropa davlatiga qo‘yilgan tariflar haqidagi tahdidlardan voz kechdi.
Geosiyosiy tarangliklardan tashqari, AQShning iqtisodiy ko‘rsatkichlari kutilganidan yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. Uchinchi chorakdagi yalpi ichki mahsulot (GDP) kutilganidan yuqori bo‘ldi. Shuningdek, mehnat bozorida kuchli tiklanish belgilari ko‘rindi, bu esa federal rezerv (Fed) rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, bozorning kuchsiz emas, balki barqaror ekanini ko‘rsatadi. Shu sababli, 27 – 28-yanvardagi yig‘ilishda foiz stavkasi pasayishi bo‘yicha taxminlar bekor qilindi.
Shu bilan birga, AQSh dollari indeksi (DXY) 0,47 foizga pasayib, 98,32 ga tushdi. Oltin narxining ko‘tarilishida ham AQSh dollarining zaiflashishi katta rol o‘ynamoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta mobaynida dollar qiymatida ketma-ket pasayish kuzatildi. Xususan, 12-yanvar kuni dollar 22,53 so‘mga qimmatlashib, 12 131,55 so‘mga yetdi. Bu hafta boshidagi yagona o‘sish bo‘ldi. Shundan so‘ng kurs pastlash yo‘liga o‘tdi.
13-yanvar kuni dollar 32,37 so‘mga arzonlab, 12 099,18 so‘mni tashkil etdi. 14-yanvarda pasayish yanada kuchaydi va kurs 51,14 so‘mga tushib, 12 048,04 so‘m etib belgilandi. 15-yanvar kuni ham dollar qiymati kamayishda davom etdi. Bu kuni kurs 46,33 so‘mga pasayib, 12 001,71 so‘mga tushdi. 16-yanvar kuni esa dollarning navbatdagi pasayishi qayd etildi va kurs 11 969,66 so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ham oltin quymalar narxi keskin oshmoqda. 22-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 09:26 holatiga 5 grammli oltin quymaning narxi 9,474 mln so‘mdan 9,717 mln so‘mga oshdi. Uni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but holatda 9,106 mln so‘mdan 9,340 mln so‘mga, talablarga mos kelmaydigan holatda 9,014 mln so‘mdan 9,245 mln so‘mga ko‘tarildi.