Xorazmda «ko‘cha bezorilari» qo‘lga olindi

eʼlon qilindi
Uchta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Foto: IIV videosidan kadr

Xorazmda fuqarolarni qo‘rqitib, ularga zo‘ravonlik qilib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV xabar bermoqda. Uchta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumondorlar qamoqqa olingan.

Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududida Jommi Darital laqabi bilan tanilgan 29 yoshli shaxs 27 yoshli yigitning yo‘lini to‘sib, hech qanday sababsiz uni urib, tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchining ichki ishlar organlariga murojaat qilishi asosida surishtiruv boshlanganidan so‘ng u yana ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazishga uringan. Tezkor xodimlar tomonidan uning yonidan 3 gramm marixuana topilib, rasmiylashtirilgan.

Yana bir holatda ilgari Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan sudlangan 28 yoshli fuqaro Bog‘ot tumanida 27 yoshli yigitni chaqirib, kelmaganini bahona qilib, uning uyiga kirib, tanasining turli joylariga urib, jarohat yetkazgan.

Shuningdek, Rasul qilich laqabi bilan tanilgan fuqaro Xiva – Urganch yo‘nalishida kirakashlik qilayotgan 41 yoshli erkakni ta’qib qilib, yo‘lini to‘sgan va avtomashinadan tushganidan keyin uni urib-tepib, jarohat yetkazgan. Janjalni to‘xtatishga uringan 44 yoshli erkak ham zo‘ravonlikka uchragan.

Uchta holatda ham gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga qo‘shimcha ravishda 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondorlar qamoqqa olingan. Vazirlik ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan fuqarolarni ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Navoiyda $1000 evaziga Ichki ishlarga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek