O‘zbekiston 2025-yilda 1,2 million tonna benzin ishlab chiqardi

Statistika agentligi 2025-yil yakunlari bo‘yicha sanoat ishlab chiqarishining dastlabki ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi 1,2 mln tonnani tashkil etgan.
Rasmiy hisobotda keltirilishicha, o‘tgan yil davomida energetika va yonilg‘i sanoatida barqaror ishlab chiqarish sur’atlari kuzatilgan. Xususan, tabiiy gaz qazib olish hajmi 42,3 mlrd kub metrga yetgan bo‘lsa, ko‘mir sanoatida bu ko‘rsatkich 8,9 mln tonnani tashkil qilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 1,2 mln tonna, gaz kondensati 1,1 mln tonna va neft qazib olish hajmi 655,7 ming tonnani tashkil etdi. Shuningdek, avtomobil sanoatida 248 247 dona dvigatel tayyorlangan. Mutaxassislar ko‘mir va energiya resurslari ishlab chiqarishning ushbu hajmi ichki bozor talabini qondirish va eksport salohiyatini saqlab qolishga qaratilganini ta’kidlashmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vengriyaning MOL kompaniyasi «Gazprom»ning Serbiyadagi ulushini sotib olishi haqida xabar bergan edi.