Fargʻonada tadbirkordan 400 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi

eʼlon qilindi
$50 mingni qabul qilayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi
Foto: DXX

Fargʻona viloyatining Bogʻdod tumanida koʻp qavatli uy-joy qurish uchun yer maydoni toifasini oʻzgartirib berishni va’da qilib, $400 ming talab etgan shaxs ushlandi.

Ma’lum boʻlishicha, 1984-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan tuman fuqarosi mahalliy tadbirkorga mansabdor tanishlari orqali yer maydonini uy-joy qurishga rasmiylashtirib berilishini aytgan. U 2020-yilda issiqxona tashkil etish uchun ajratilgan 29 gektar yer maydonidan 5 gektar qismining toifasini oʻzgartirish evaziga $400 ming talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda u oldindan olinadigan $50 mingni qabul qilayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxsning mansabdor tanishi hisoblangan Fargʻona viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasining bosh mutaxassisi ham aynan shu mablagʻni olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28 va 211-moddalari 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda $1000 evaziga Ichki ishlarga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek