Rossiya 2025-yilda Oʻzbekistonga gaz eksportini 30 foizga oshirdi

2025-yilda Rossiya Oʻzbekistonga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmini 30 foizga oshirdi. Yil davomida mamlakatga 7 mlrd kub metrdan ortiq gaz eksport qilingan. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi (IEA) hisobotida qayd etilgan.
Rossiya gazi Qozogʻiston hududi orqali «Markaziy Osiyo – Markaz» gaz quvuri orqali yetkazib berilgan. Oʻtgan yil davomida «Gazprom» Oʻzbekistonga jami 7,7 mlrd kub metr gaz yetkazib berishni rejalashtirgan boʻlib, bu 2024-yil koʻrsatkichidan qariyb 2 mlrd kub metrga koʻpdir.
Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekiston Rossiya va Turkmanistondan import qilgan gazning umumiy qiymati $1,65 mlrdni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich pul koʻrinishida 1,2 foizga kamaygan boʻlsa-da, Rossiyadan yetkazib berilgan gaz hajmi sezilarli oshgan.
Agar 2023-yilda qoʻllangan $160 narx (1 ming kub metr uchun) asos qilib olinsa, 7,7 mlrd kub metr rus gazining qiymati kamida $1,2 mlrdni tashkil etgan. Bu Oʻzbekistonning umumiy gaz importi qiymatining qariyb 74 foiziga teng. Qolgan qismi, asosan, Turkmanistondan keltirilgan gaz hissasiga toʻgʻri keladi.
Import qiymatining pasayishi Turkmanistondan yetkazib berish hajmining qisqarishi bilan bogʻlanmoqda. Xususan, 2025-yil oxirida qoʻshni davlatdagi texnik nosozlik sabab Oʻzbekiston gaz tizimida kunlik 6 mln kub metr taqchillik yuzaga kelgani ma’lum qilingan.
Rossiya tomoni 2030-yilgacha Oʻzbekistonga gaz yetkazib berish hajmini 12 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Biroq buning uchun «Markaziy Osiyo – Markaz» gaz quvurini rekonstruksiya qilish, shuningdek, texnik va narxga oid masalalarni hal etish zarur ekani ta’kidlanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston 2025-yilda 1,2 million tonna benzin ishlab chiqargani haqida xabar bergan edi.