Filippinda parom cho‘kishi oqibatida 15 kishi vafot etdi

eʼlon qilindi
316 nafar yo‘lovchi qutqarib qolingan
Foto: Filippin Sohil xavfsizlik xizmati

Filippin qirg‘oqlarida 350 kishi bo‘lgan parom cho‘kib ketdi. Associated Press xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgan, yana 316 nafar yo‘lovchi qutqarib qolingan.

Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi paromi Zam­boanga port shahridan Sulu provinsiyasidagi Xolo oroliga yo‘l olgan. Parom bortida 332 nafar yo‘lovchi va 27 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kema texnik nosozlikka duch kelib, cho‘kib ketgan.

Basilan provinsiyasi gubernatori Muhiv Hataman qutqaruv ishlari davom etayotganini bildirib, portga yetkazilgan yo‘lovchilardan ayrimlari og‘ir ahvolda bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab ikki nafar fuqaroning vafoti tasdiqlangan, keyinchalik qurbonlar soni 15 nafarga yetgan.

AP ta’kidlashicha, Filippinda dengiz hodisalari tez-tez uchrab turadi. Bunga bo‘ronlar, kemalarning eskirganligi, ortiqcha yuklanishi va xavfsizlik qoidalariga har doim ham qat’iy rioya qilinmasligi sabab bo‘lmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokistonda sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari soni 50 kishiga yetgani haqida yozgandi.

Shuningdek