ChatGPT javoblari Grokipedia asosida shakllanmoqda — The Guardian

The Guardian nashri o‘tkazgan tekshiruvlar ChatGPT chat-boti javoblarni shakllantirishda Grokipedia ma’lumotlaridan foydalana boshlaganini aniqladi.
Nashr tomonidan o‘tkazilgan sinovlarda GPT-5.2 modeli turli savollar, xususan, Eronning siyosiy tuzilmasi va britaniyalik tarixchi Richard Evansning biografiyasiga oid so‘rovlarga javob berishda Grokipedia’dan iqtibos keltirgan.
Ma’lumot uchun, Richard Evans Xolokostni inkor etuvchi Devid Irvingga qarshi sud ishida asosiy guvoh bo‘lgan. Chat-bot taqdim etgan javoblarda keyinchalik rad qilingan yolg‘on ma’lumotlar aks etgan.

Grokipedia’ning an’anaviy Wikipedia’dan asosiy farqi shundaki, Ilon Maskka tegishli ushbu ensiklopediya insonlar tomonidan emas, balki Grok neyron tarmog‘i tomonidan yaratiladi va tahrirlanadi. Jamoatchilik orasida ushbu platforma o‘ng qanot siyosiy qarashlarini targ‘ib qiluvchi manba sifatida tanqidga uchrab kelmoqda.
Mutaxassislar bu tendensiyadan jiddiy xavotirda. Ularning fikricha, bu holat chat-botlarni LLM-gruming xavfi oldida himoyasiz qoldiradi. Bu jarayonda g‘arazgo‘ylar ataylab katta hajmdagi soxta ma’lumotlarni tarqatadi va sun’iy intellekt modellari ularni ishonchli manba sifatida qabul qilib, o‘z bazasiga kiritadi. Eng xavflisi shundaki, bunday noto‘g‘ri ma’lumotlar asl manba internetdan o‘chirilgandan keyin ham til modellarida saqlanib qolishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask SIga asoslangan Grokipedia saytini ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.