Bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 40 foizga qisqartirildi

O‘zbekistonda bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 40 foizga qisqartirildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning soha vakillariga yo‘llagan tabrigida qayd etildi.
2025-yilda bojxona to‘lovlari hisobidan 76,2 trln so‘m undirildi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 21 foizga oshdi. Bojxona tushumlarining Davlat budjeti daromadlaridagi ulushi 25 foizga yetdi.
Nazorat va tahlil choralari kuchaytirilishi natijasida 1,2 trln so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Xavflarni oldindan tahlil qilish tizimi orqali 7 trln so‘m budjet mablag‘lari undirilishi ta’minlandi. Tovarlarni rasmiy importga jalb etish hisobiga yana 2,3 trln so‘m qo‘shimcha tushumlar shakllantirildi.
«Mamlakatimiz bojxona laboratoriyasi va kinologiya markazining mintaqaviy filial maqomiga ega bo‘lishi, Bojxona institutining “PICARD» dasturi standartlari asosida akkreditatsiyadan o‘tishi, bojxona idoramizning mazkur tashkilot Audit qo‘mitasi a’zoligiga saylanishi ham shundan dalolat beradi”, – deya qayd etiladi tabrikda.
Shuningdek, huquqbuzarliklarga qarshi kurash doirasida 1,8 tonna giyohvandlik vositalari hamda 1,1 tonna psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar noqonuniy muomaladan chiqarildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan bir guruh Qurolli Kuchlar va xavfsizlik organlari xodimlari mukofotlangani haqida yozgan edi.