IndiGo Toshkent va yana uch shaharga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi

Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi Toshkent, Olmaota, Boku va Tbilisiga parvozlarni 28-yanvargacha vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda NDTV nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, reyslarning bekor qilinishi Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlik kuchaygani, holat harbiy mojaroga aylanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq. Aviakompaniya parvozlar xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda vaqtinchalik tanaffus e’lon qilgan.
Mazkur qaror sayyohlar uchun kutilmagan bo‘ldi. Turizm sohasi vakillari ham tashvish bildirmoqda, chunki so‘nggi yillarda Hindistondan kelayotgan sayyohlar oqimi barqaror o‘sib borgan. Mutaxassislar fikricha, reyslarning to‘xtatilishi qisqa muddatli bo‘lsa-da, mintaqadagi turizm rejalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Travel and Tour World ta’kidlashicha, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya va Qozog‘iston hind sayyohlarini jalb etish uchun aeroportlarni modernizatsiya qilishga, madaniy turizmni rivojlantirishga faol sarmoya kiritib kelmoqda. Hindistonlik sayyohlar bozori xarajatlar hajmi yuqoriligi bilan ajralib turadi va mezbon davlatlar uchun muhim segment hisoblanadi.
Eslatib qo‘yamiz, Kursiv Uzbekistan Hindistonning IndiGO aviakompaniyasi Toshkentga parvozlarni to‘xtatgani haqida yozgan edi.