Dunyoda yagona bo‘lgan Ferrari kimoshdi savdosida 38,5 million dollarga sotildi

eʼlon qilindi
Afsonaviy sportkar Mecum tarixidagi eng qimmat lotga aylandi
Foto: Mecum

AQShda o‘tkazilgan nufuzli Mecum kimoshdi savdosida avtomobil olami uchun tarixiy voqea yuz berdi. 1962-yilda ishlab chiqarilgan va o‘ziga xos tarixga ega bo‘lgan Ferrari 250 GTO modeli rekord darajadagi summaga yangi egasiga nasib etdi.

Floridaning Kissimmi shahrida bo‘lib o‘tgan savdolarda Bianco Speciale nomi bilan tanilgan noyob avtomobil uchun kurash atigi 10 daqiqa davom etdi. Boshlang‘ich narx $20 mlndan boshlanib, tez fursatda $30 mlnga ko‘tarildi. Yakuniy bolg‘a narxi $35 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, xaridor to‘laydigan vositachilik haqi bilan birga umumiy qiymat $38,5 mlnga yetdi.

Foto: Mecum

Bu Mecum auksioni tarixidagi eng qimmat sotuv sifatida qayd etildi. Mashinaning yangi egasi kaliforniyalik taniqli kolleksioner Devid S.K. Li bo‘ldi. U o‘zining YouTube kanalida ushbu xaridni tasdiqlab, Ferrari tarixining bir qismiga aylanganidan faxrlanishini ta’kidlagan.

Foto: Mecum

Ma’lumot uchun, Devid Li garajida brendning katta beshlik deb ataluvchi afsonaviy modellari 288 GTO, F40, F50, Enzo va LaFerrari mavjud. Endi ular qatoriga oq rangli nodir 250 GTO ham qo‘shildi. Ushbu Ferrari 250 GTO o‘ng rulli ekanligi bilan ajralib turadi. U dastlab angliyalik poygachi Jon Kumbs buyurtmasiga asosan ishlab chiqarilgan.

Foto: Mecum

Mashina zavod holatiga to‘liq qaytarilmagan, aksincha, unda o‘sha davrdagi poygalar uchun qilingan o‘zgartirishlar, jumladan, salonni shamollatish tizimi va kuzovdagi o‘ziga xos teshiklar saqlab qolingan. Bu esa uning tarixiy qiymatini yanada oshiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ferrari yagona nusxadagi 12Cilindri modelini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek