Hindistonda Yevropa avtomobillari uchun bojlar 40 foizgacha tushiriladi

Hindiston hukumati va Yevropa Ittifoqi erkin savdo bitimini imzolash arafasida turibdi. Rejaga ko‘ra, Yevropadan import qilinadigan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari amaldagi 110 foizdan 40 foizgacha keskin pasaytiriladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Manbalarning ta’kidlashicha, 27-yanvar kuni e’lon qilinishi kutilayotgan kelishuvga binoan, Hindiston hukumati narxi $17,7 mingdan yuqori bo‘lgan cheklangan miqdordagi avtomobillarga soliqni darhol kamaytiradi. Yillik kvota 200 ming dona ichki yonuv dvigatelli mashinalarni tashkil etishi kutilmoqda.
Kelajakda ushbu boj stavkasi bosqichma-bosqich 10 foizgacha tushirilishi rejalashtirilgan. Bu o‘zgarishlar Volkswagen, Mercedes-Benz va BMW kabi Yevropa avgigantlari uchun ulkan imkoniyat yaratadi. Hozirda Hindiston dunyodagi eng himoyalangan bozorlardan biri hisoblanib, import mashinalariga 70 foizdan 110 foizgacha boj qo‘llaniladi. Bu holat Tesla rahbari Ilon Mask tomonidan ham keskin tanqid qilingan edi.

Biroq elektromobillar bo‘yicha istisno mavjud. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar Tata Motors va Mahindra & Mahindra manfaatlarini himoya qilish maqsadida, elektromobillar uchun boj stavkalari dastlabki 5 yil davomida o‘zgarishsiz qoladi.
Hozirda yillik hajmi 4,4 mln donani tashkil etuvchi Hindiston bozorida Yevropa brendlarining ulushi 4 foizdan kam. Bozorni asosan Yaponiyaning Suzuki hamda mahalliy brendlar nazorat qiladi. 2030-yilga borib bozor hajmi 6 mln donaga yetishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meksika Xitoy va boshqa davlatlarga qarshi 50 foizgacha boj joriy qilishi haqida xabar bergan edi.