Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘limidan so‘ng turk ayollari norozilik yurishi o‘tkazdi

eʼlon qilindi
Namoyishchilar jamiyatni befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda
Foto: Halk TV

Istanbulda o‘zbekistonlik fuqaro Durdona Xakimovaning fojiali o‘limi ortidan turk ayollari ommaviy norozilik yurishini o‘tkazdi. Hodisa Turkiya jamoatchiligi orasida katta rezonans uyg‘otdi. Yurish shaharning Shishli tumanida bo‘lib o‘tdi.

Namoyishda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar ishtirok etdi. Ular marhum uchun adolat talab qilib chiqdi. Namoyishchilar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qat’iy pozitsiya bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 36 yoshli Durdona Xakimovaning jasadi Istanbulning Shishli tumanida joylashgan chiqindi konteyneridan topilgan. Holat jinoyat sifatida baholanmoqda. Mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov harakatlari boshlangan.

Foto: Halk TV

Bu voqea Turkiyada ayollar xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Norozilik yurishida qatnashganlar ushbu fojia yakka holat emasligini ta’kidladi. Ularning fikricha, mamlakatda ayol qotilliklari muammosi tizimli tus olgan.

Namoyishchilar jamiyatni befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda. Ular har bir ayolning hayoti qadrli ekanini ta’kidladi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda jamoaviy mas’uliyat muhim ekani qayd etildi.

Turk faollari va jamoatchilik vakillari Durdona Xakimovaning o‘limi xolisona tergov qilinishini talab qilmoqda. Aybdorlar qonun oldida javob berishi shartligi bildirildi. Faollar adolat tiklanmaguncha kurashni davom ettirishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘lik holda topilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek