Toshkentga parvozlarni to‘xtatgan IndiGo, Tayvan bilan muzokaralar — 26-yanvarda e’lon qilingan yangiliklar

eʼlon qilindi
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘limidan so‘ng turk ayollari norozilik yurishi o‘tkazdi
Foto: TLK

Toshkentga parvozlarni to‘xtatgan IndiGo, Tayvan bilan muzokaralar — 26-yanvarda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

IndiGo Toshkent va yana uch shaharga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi

Foto: BBC

Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi Toshkent, Olmaota, Boku va Tbilisiga parvozlarni 28-yanvargacha vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda NDTV nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, reyslarning bekor qilinishi Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlik kuchaygani, holat harbiy mojaroga aylanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq. Aviakompaniya parvozlar xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda vaqtinchalik tanaffus e’lon qilgan.

Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘limidan so‘ng turk ayollari norozilik yurishi o‘tkazdi

Foto: Halk TV

Istanbulda o‘zbekistonlik fuqaro Durdona Xakimovaning fojiali o‘limi ortidan turk ayollari ommaviy norozilik yurishini o‘tkazdi. Hodisa Turkiya jamoatchiligi orasida katta rezonans uyg‘otdi. Yurish shaharning Shishli tumanida bo‘lib o‘tdi.

Namoyishda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar ishtirok etdi. Ular marhum uchun adolat talab qilib chiqdi. Namoyishchilar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qat’iy pozitsiya bildirdi.

Migratsiya agentligi 2025-yilda xorijda ishlagan fuqarolar foydasiga $1,9 mln undirdi

2025-yilda Migratsiya agentligi xorijda ishlagan O‘zbekiston fuqarolari foydasiga $1,9 mln undirilishini ta’minladi. Bu haqda idora yil yakunlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida ish haqi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 3 ming nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan. Ushbu ishlar natijasida fuqarolarga tegishli mablag‘larning qaytarilishiga erishilgan.

Qatar vakili Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib saylandi

Foto: oca.asia

Bugun 26-yanvar kuni Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy rasman Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) prezidenti etib saylandi. Bu haqda tashkilotning rasmiy manbalari xabar bermoqda.

Yangi saylangan prezident rahbarligida qit’a sport harakati o‘zining yangi sahifasini ochmoqda. Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy o‘z faoliyatida uzoqni ko‘zlagan strategik qarashlar va barqaror rivojlanishga urg‘u berishi kutilmoqda. Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, uning yetakchiligi ostida Osiyo sport hamjamiyati mintaqa bo‘ylab o‘sish, innovatsiyalar va birdamlikni mustahkamlashni maqsad qilgan.

ChatGPT javoblari Grokipedia asosida shakllanmoqda — The Guardian

Foto: REUTERS / Dado Ruvic

The Guardian nashri o‘tkazgan tekshiruvlar ChatGPT chat-boti javoblarni shakllantirishda Grokipedia ma’lumotlaridan foydalana boshlaganini aniqladi.

Nashr tomonidan o‘tkazilgan sinovlarda GPT-5.2 modeli turli savollar, xususan, Eronning siyosiy tuzilmasi va britaniyalik tarixchi Richard Evansning biografiyasiga oid so‘rovlarga javob berishda Grokipedia’dan iqtibos keltirgan.

O‘zbekiston JST masalasida Tayvan bilan yanvar oxirida muzokara o‘tkazadi

O‘zbekiston JST masalasida Tayvan bilan yanvar oxirida muzokara o‘tkazadi
Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST) masalasida Tayvan (Xitoy Taypeyi) bilan oxirgi marta 15-dekabrda muzokaralar o‘tkazgan. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunovning aytishicha, keyingi uchrashuv yanvar oxirida bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda u jurnalistlar bilan uchrashuvda Kursiv Uzbekistan savoliga javob berdi.

Urunovga ko‘ra, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni siyosiy emas, iqtisodiy muzokaralar maydoni hisoblanadi. Shu sababli bu jarayonda davlatlarning bir-birini siyosiy jihatdan tan olishi yoki tan olmasligi masalasi hal qiluvchi omil bo‘lib qolmaydi.

O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 10 mln so‘mdan oshdi

O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 10 mln so‘mdan oshdi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 10 mln so‘mni tashkil etdi. Markaziy bank 26-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 09:41 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.

Xususan, 5 grammli oltin quymaning narxi 9,793 mln so‘mdan 10,036 mln so‘mga oshdi. Uni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but holatda 9,322 mln so‘mdan 9,554 mln so‘mga, talablarga mos kelmaydigan holatda 9,228 mln so‘mdan 9,457 mln so‘mga ko‘tarildi.

Fond bozori: «Aloqabank» aksiyalari bir haftada 25 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 16-yanvardan 23-yanvargacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,01 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 69,79 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zsanoatqurilishbank» (+28,51%) va «Aloqabank»ning oddiy aksiyalarida (+25,40%) ham o‘sish qayd etildi. «O‘zsanoatqurilishbank» va «Ipoteka-bank» aksiyalari savdosi 21-yanvardan boshlab vaqtincha to‘xtatildi. Bunda narxlarning keskin o‘sish sabablari o‘rganiladi. 10 ish kuni davomida birjaning Main Board savdo maydonchasida ushbu ikki bankning oddiy aksiyalari mos ravishda 146,28 va 132,38 foizga oshgan.

Shuningdek