Mirziyoyev Butunjahon suv sporti federatsiyasi prezidentini «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati va tashkilot Bosh assambleyasi ishtirokchilarini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuv avvalida Osiyo Olimpiya kengashining yangi saylangan prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy davlat rahbariga Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Prezident O‘zbekiston xalqaro sport harakatining ishonchli hamkori sifatida yuksak hurmatga sazovor ekanini ta’kidladi va tashkilot assambleyasini Toshkentda o‘tkazishga qaror qilingani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, sportni rivojlantirish «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani qayd etildi.

O‘zbekiston xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, amaliy natijalarga erishish va qo‘shma dasturlar hamda tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir yakunida prezident sportni rivojlantirish va sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori, Butunjahon suv sporti federatsiyasi prezidenti Husayn al-Musallamga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – «Do‘stlik» ordenini topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev FIA rahbarini «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlagan edi.