
HMD Global kompaniyasi o‘zining birinchi aqlli soatlari — Watch X1 va Watch P1 modellarini namoyish etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Watch X1 premium segmentga mo‘ljallangan bo‘lsa, Watch P1 universal va kundalik foydalanish uchun yaratilgan. Sotuvlar 2026-yil yanvar oxirigacha boshlanishi rejalashtirilgan.
Texnik xususiyatlari:
- Watch X1: 1,43 dyuymli AMOLED ekran, 320×320 piksellar, IP68 suvdan himoya, bir zaryad bilan 14 kungacha ishlash.
- Watch P1: 1,83 dyuymli LCD ekran, 240×284 piksellar, IP67, bir zaryad bilan 10 kungacha ishlash.
Har ikkala model ham yurak urishi va SpO2 sensori bilan jihozlangan, 700 dan ortiq turli faoliyat turlarini kuzatish, Bluetooth orqali qo‘ng‘iroqlar qilish, ilova va xabar bildirishnomalarini qabul qilish hamda musiqa boshqaruvini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmalar RTOS platformasida ishlaydi va HMD Watch ilovasi orqali Android hamda iOS qurilmalari bilan boshqariladi. Zaryadlash esa maxsus magnit zaryadlash qurilmasi orqali amalga oshiriladi.
Rang variantlari: HMD X1 — kulrang-yashil, qora, kulrang va kumush, HMD P1 — qora va kumush. HMD Global hozircha narxlarni e’lon qilmagan, lekin soatlar yaqin orada sotuvga chiqadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi bolalar joylashuvini kuzatish imkonini beruvchi smart soat taqdim etgani haqida yozgandi.