Mahalliy hokimliklar 400 ga yaqin qarorlarni asossiz ravishda yashirgani fosh bo‘ldi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi joriy yil davomida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan «yashiringan» yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» grifi bilan qabul qilingan hujjatlarni o‘rganib chiqdi. Bu haqda agentlikning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Tahlillar natijasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan jami 1 907 ta qaror va farmoyish shu asosda rasmiylashtirilgani aniqlandi.
Dastlabki tekshiruvlar jarayonida ushbu hujjatlarning 386 tasi asossiz ravishda yashirilgani ma’lum bo‘ldi. Ular orasida tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, mablag‘ ajratish, xodimlarni rag‘batlantirish, lavozimga tayinlash hamda boshqa masalalarga oid qarorlar bor.
Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha Farg‘ona, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari yetakchi hududlar sifatida qayd etilgan. Aynan ushbu hududlarda yashirilgan qarorlar ulushi eng yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etgan.
Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan qaror va farmoyishlarni ochiqlash, shuningdek, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan choralar ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.
Hozirda asossiz deb topilgan qolgan hujjatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Oʻzbekistonda davlat idoralaridagi ortiqcha xizmat avtomobillari sotuvga chiqarilishi haqida yozgandi.