Huawei noutbuk o‘rnini bosuvchi planshetni taqdim etdi — foto

Huawei kompaniyasi ijodkorlar va ofis xodimlari uchun mo‘ljallangan MatePad 11.5 S planshetini namoyish qildi. PaperMatte ekraniga ega ushbu qurilma yorug‘likda ham yaltiramasligi va ko‘zni himoya qilishi bilan ajralib turadi.
Yangi qurilmaning eng asosiy o‘ziga xosligi uning ekranida bo‘lib, u nano-qoplama texnologiyasi asosida ishlangan. 11,5 dyuymli IPS displey 2800×1840 pikselli aniqlik va 144 Hz yangilanish chastotasiga ega. Foydalanuvchilar unda xuddi qog‘ozdan o‘qigandek hisni tuyadilar, bu esa ko‘z toliqishini kamaytiradi.



Qurilma juda yupqa va yengil bo‘lib, qalinligi bor-yo‘g‘i 6,1 mm, og‘irligi esa 515 grammni tashkil etadi. Korpus to‘liq metalldan ishlangan. Texnik imkoniyatlariga ko‘ra, planshetga 8 yadroli Kirin protsessori va 12 GB tezkor xotira o‘rnatilgan.



Huawei MatePad 11.5 S noutbuk o‘rnini bosishga da’vogarlik qilmoqda. Unda to‘liq formatdagi WPS Office dasturi mavjud bo‘lib, bu mobil ilova emas, balki kompyuterdagi kabi jadvallar va matnlar bilan ishlash imkonini beradi. Shuningdek, 8800 mA/soat sig‘imli akkumulyator faol ish rejimida uzoq muddat xizmat qiladi.



Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei kompaniyasi sotuvlar bo‘yicha Xitoy smartfon bozorida yana yetakchiga aylangani haqida xabar bergan edi.