
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Xitoy terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Asosan mahalliy chempionat futbolchilaridan tashkil topgan tarkib o‘yin yakunida ikkita gol urib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
Ushbu yig‘inga terma jamoa murabbiylar shtabi asosiy yulduzlar va xorijda to‘p suruvchi legionerlarni jalb qilmadi. Tarkib O‘zbekiston Superligasida harakat qiladigan futbolchilardan shakllantirildi, faqat bir nafar legioner Doston Tursunov jamoaga qo‘shilgan.

O‘yin noodatiy formatda, har biri 35 daqiqadan iborat 3 ta bo‘limda tashkil etildi. Uchrashuvning dastlabki qismida tashabbus raqib tomonida bo‘ldi. 12-daqiqada Xitoy futbolchilari penaltidan hisobni ochgan bo‘lsa, 20-daqiqada oradagi farqni ikkitaga yetkazishdi.
Ikkinchi bo‘limda (60-daqiqa) xitoylik futbolchi qo‘pol harakati uchun qizil kartochka oldi. Biroq o‘yin mashg‘ulot maqomida bo‘lgani uchun uning o‘rniga boshqa futbolchi maydonga tushirildi va jamoalar teng tarkibda harakat qilishdi.

O‘yinning kulminatsiyasi uchinchi bo‘limga to‘g‘ri keldi. 91-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Javohir Husanov o‘zining debyut goli bilan hisobni qisqartirdi. O‘yin tugashi arafasida, 105-daqiqada esa yana bir debyutant Behruz Karimov sahnaga chiqdi. Jasur Jaloliddinovning jarima zarbasidan so‘ng darvozabon qaytargan to‘pni Karimov darvozaga joylab, yakuniy hisobni o‘rnatdi – 2:2.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fabio Kannavaro shogirdlari Xitoyga qarshi yopiq o‘yin o‘tkazishi haqida xabar bergan edi.