Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev lavozimidan ozod etildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Davlat rahbari uning yetti yillik faoliyatini loqaydlik va mas’uliyatsizlik deb baholadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Yig‘ilishda Toshkent shahridagi yirik savdo majmualaridagi soliq intizomi keskin tanqid qilindi. Xususan, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan «Chorsu» bozorida nazorat yetarli darajada emasligi, «Malika» savdo kompleksida esa vaziyat yanada ayanchli ekani ta’kidlandi.
«Malika»da faoliyat yuritayotgan 1,5 mingga yaqin tadbirkorlarning faqat to‘rtdan bir qismi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 25 foizi oyiga 1 mln so‘m ham soliq to‘lamaydi. Dekabr oyida plastik kartalar orqali amalga oshirilgan 600 mlrd so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.

Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini intizomli tadbirkorlardan ortiqcha to‘lov undirish hisobiga bajarayotgani ma’lum qilindi. Jumladan, 46,4 mingta korxonadan jami 876 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha to‘lov undirilgan. Shuningdek, Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilib, uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygani qayd etildi.
O‘tgan yili ushbu turdagi jinoyatlar bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu yo‘nalishga bevosita javobgar bo‘lgan Mubin Mirzayev vazifasidan ozod qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors kompaniyasining soliq tushumlari 42 foizga pasaygani haqida xabar bergan edi.