2025-yilda poytaxtda 1,5 mingdan ortiq giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxs rasman ro‘yxatga olingan

2025-yilda poytaxtda 1,5 mingdan ortiq giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxs rasman ro‘yxatga olingan. Bu haqda prezident ishtirokidagi yig‘ilishda qayd etildi.
Giyohvandlar oyiga o‘rtacha 20–25 mln so‘mni narkotik moddalar uchun sarflamoqda. Mablag‘ topish istagi esa ko‘pincha jinoyatlarga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yili respublika bo‘yicha narkotik ta’sirida 64 ta jinoyat sodir etilgan. Har uchta holatdan bittasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Shu yildan boshlab narkotik moddalarni aniqlash bo‘yicha ekspress-testlar ommaviy qo‘llanadi. Giyohvandlikka qarshi toqatsizlik muhitini shakllantirish uchun Yoshlar ishlari agentligi hamda ta’lim sohasidagi vazirliklarda alohida mas’ul rahbar o‘rinbosarlari belgilanadi.
Toshkentda jamoat xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatning har soati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.
Aholi huquqlarini ta’minlash maqsadida sudlar, advokatura va sud-tibbiy ekspertiza xizmatlarining markazlashgan tungi navbatchiligini joriy etish topshirildi. Bu borada xorijiy tajriba o‘rganiladi.
Ilg‘or amaliyot asosida aholi gavjum joylarda dronlar yordamida patrullik kuzatuvi yo‘lga qo‘yiladi. Bu jamoat xavfsizligini tezkor nazorat qilishga xizmat qiladi.
Chilonzor tumanida ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qat’i nazar, barcha murojaatlarni qabul qiladi. Ko‘chada formadagi xodimga qilingan murojaat «102»ga xabar qilingani bilan tenglashtiriladi.
Tumandagi 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorlari xonasi tezkor aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Fuqarolar inspektor qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, uning telefoni va planshetiga tun-u kun bog‘lana oladi.
Profilaktika inspektorlari uchun zamonaviy va aholi orasida ishonch uyg‘otadigan yangi forma tayyorlanadi. Ularning faoliyati raqamlashtiriladi va «ovozli tushuntirish xati» olish amaliyoti joriy etiladi.
Bundan buyon profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashda protokol tuzish asosiy mezon bo‘lmaydi. Tuman ichki ishlar tergov bo‘limlarida tergovga qadar tekshiruv guruhlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingani haqida yozgan edi.