Rossiyada Tesla Cybertruck uslubidagi Russo-Balt elektromobillari ishlab chiqariladi — foto

Rossiyaning Perm shahrida Russo-Balt nomli yangi elektromobil taqdim etildi. Tesla Cybertruck dizaynini eslatuvchi ushbu transport vositasining narxi $67 mingdan boshlanadi.
Yaqinda eski brend huquqini sotib olgan «Russo-Balt» MCHJ ma’lumotlariga ko‘ra, yangi elektromobil o‘lchami jihatidan GAZel’ga teng bo‘lib, «B» toifasidagi haydovchilik guvohnomasi bilan boshqarish mumkin. Mashina yuk ko‘tarish qobiliyati 1000 kg bo‘lgan ko‘taruvchi kuzovga ega. Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq Permda tashkil etiladi va kuzov shtamplashsiz, qo‘lda payvandlash usuli orqali yig‘iladi.

Texnik xususiyatlarga ko‘ra, elektromobil oldi tortuvchi bo‘lib, 200 ot kuchiga ega dvigatel va 115 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Bir marta to‘liq quvvatlanishda 400 km masofani bosib o‘tish mumkinligi aytilmoqda. Hozirda sertifikatsiyalash jarayoni ketmoqda, xususan, xalqaro ishlab chiqaruvchi kodi olingan va VIN-raqamlar berilgan.

«Biz oldimizga afsonaviy Russo-Balt markasi ostida zamonaviy yuqori texnologiyali elektromobillar ishlab chiqarishdek ambitsiyali vazifani qo‘yganmiz», — dedi kompaniya direktori Viktor Nekrasov.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Cybertruck yilning eng xavfsiz pikapi deb topilgani haqida xabar bergan edi.