Dekabr oyida o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihonining natijalari chiqdi

2025-yil 27 – 30-dekabr kunlari matematika, kimyo va geografiya fanlaridan o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihonlari natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi ma’lum qildi.
Talabgorlar o‘z natijalarini my.gov.uz portalidagi «Mening arizalarim» bo‘limi orqali ko‘rishlari, shuningdek, sertifikatni elektron shaklda yuklab olishlari mumkin.
Unga ko‘ra, test natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblangan. To‘plangan ballarga qarab ishtirokchilarga quyidagi darajalarda sertifikat beriladi:
- 70 balldan yuqori natija — A+;
- 65 – 69,9 ball — A;
- 60 – 64,9 ball — B+;
- 55 – 59,9 ball — B;
- 50 – 54,9 ball — C+;
- 46 – 49,9 ball — C daraja.
Mazkur sertifikatlar abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar beradi. Jumladan, A+ va A darajali sertifikat egalari tegishli mutaxassislik fanidan maksimal ball oladi. B+, B, C+ va C darajalarida esa fan bo‘yicha proporsional ball hisoblanadi. Shuningdek, A+ dan C darajagacha bo‘lgan barcha sertifikatlar majburiy fanlardan maksimal ball berilishiga asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, akademik litseylarga kirish testlarida ham sertifikatga ega o‘quvchilarga mos fandan maksimal ball berilishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xorijiy til imtihonlarida yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarga 100 mlrd so‘mdan ko‘proq kompensatsiya to‘lab berilgani haqida yozgandi.