SQB va «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari bo‘yicha savdolar tiklandi

6–19-yanvar kunlari «Toshkent» Respublika fond birjasida «O‘zsanoatqurilishbank» ATB (UZ7037560008) oddiy aksiyalari narxlari sezilarli darajada oshgani kuzatildi. Bu haqda fond birjaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Bozor qoidalariga muvofiq, keskin va asoslanmagan narx o‘zgarishlari sababli 21-yanvardan savdolar vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Birja nazorat komissiyasi holatni har tomonlama tahlil qilib, savdolarni tiklashga qaror qildi. Tahlil davomida bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari, so‘nggi uch yildagi narx dinamikasi, yangiliklar va amalga oshirilgan bitimlar o‘rganildi. Shu bilan birga, Milliy Investitsiya jamg‘armasi 30% aksiyalarga egalik qilgani ham bozor uchun muhim omil sifatida qayd etildi.
Savdolar 2026-yil 28-yanvardan boshlab, 20-yanvarda shakllangan yopilish narxi asosida qayta tiklandi.
«Ipoteka-bank»
Shuningdek, 6–19-yanvar kunlari «Ipoteka-bank» ATIB (UZ7054570005) aksiyalari ham sezilarli o‘sish ko‘rsatdi. Keskin narx o‘zgarishlari sababli savdolar 21-yanvardan vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, savdolar individual investitsiya qarorlari asosida amalga oshirilgan va bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari va bozor kutilmalari bilan bog‘liq edi. Savdolar 28-yanvardan, 20-yanvarda shakllangan yopilish narxi asosida qayta tiklandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Aloqabank» aksiyalari bir haftada 25 foizga oshgani haqida yozgandi.