Uzbekistan Airways 2025-yilni 1,3 trillion soʻm foyda bilan yakunladi

Uzbekistan Airways 2025-yilni 1,3 trillion soʻm foyda bilan yakunladi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri matbuot anjumanidan xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2025-yil davomida Uzbekistan Airways kompaniyalar guruhi tomonidan amalga oshirilgan aviaqatnovlar soni 2024-yilga nisbatan 8,7 foizga ko‘pni tashkil qilgan. Yil davomida 49 ming 258 ta parvoz amalga oshirilgan. Shu davr mobaynida 6,6 million yo‘lovchi manziliga yetkazilgan, bu esa 2024-yilga nisbatan 6,5 foizlik o‘sishni tashkil etdi. Yuk tashish hajmi 52 ming tonnani tashkil etdi.
2025-yilda aviakompaniya parvozlar geografiyasini kengaytirishni davom ettirdi. Toshkentdan Madrid, Islomobod, Tyumen va Krasnodarga, Andijondan Novosibirsk, Istanbul, Moskva va Sankt-Peterburgga, Namangandan esa Krasnodarga yangi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi.
2026-yilda kompaniya beshta yangi yo‘nalish ochishni va to‘rtta samolyotni lizingga olishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, kredit evaziga 22 ta keng fyuzelyajli Boeing 787-9 Dreamliner samolyoti sotib olinadi. Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, 2028 – 2030-yillar uchun «4-6-4» yetkazib berish tizimidan foydalangan holda 14 ta Airbus samolyotini yetkazib berish jadvali tasdiqlangan.
Yangilangan Airspace Premium saloni va sun’iy yo‘ldosh internetiga ega Airbus A321neo samolyoti bu yil yetkazib berilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi havo qatnovini kengaytirish doirasida Toshkent – Atirov – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.