Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilarining yangi formasini taqdim etdi — video

Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilari uchun yangi libosni taqdim etdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.
Ilk bor ramziy libos to‘plamiga trikotaj matosidan kardigan kiritildi, ustki kiyim sifatida esa palto va issiq plash taqdim etildi. Bu esa kuz-qish mavsumida parvoz vazifalarini bajarish jarayonida qulaylik yaratadi, funksionallikni oshiradi. Liboslar harakatchan ish talablari, uzoq davom etuvchi parvozlar hamda turli tana tuzilishiga ega xodimlar uchun qulaylik yaratishni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, bort kuzatuvchilar va bort kuzatuvchi-brigadirlarni vizual jihatdan farqlashga alohida e’tibor qaratilgan. Formaning asosiy rangi to‘q ko‘k bo‘lib, brigadirlarning jaket va bosh kiyimlari to‘q qizil rangda bo‘ladi. Bu yo‘lovchilarga havo kemasi bortida ekipajning yetakchisini darhol ajratib olish imkonini beradi.

Formaning ranglar palitrasi to‘q ko‘k va to‘q qizil tuslariga asoslangan. Dizaynda an’anaviy islimiy naqsh nozik tarzda qo‘llanilib, u taraqqiyot, uyg‘unlik va madaniy qadriyatlarni ifodalaydi.
Avvalroq «Kursiv» Uzbekistan Airways 2025-yilni 1,3 trillion so‘m foyda bilan yakunlagani haqida yozgandi.