
Apple kompaniyasi SpaceX bilan Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali iPhone’larda to‘g‘ridan to‘g‘ri uyali aloqa (Direct-to-Cell)ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. WCCF nashrining The Information’ga tayanib xabar berishicha, ushbu texnologiya ilk bor iPhone 18 Pro flagmanlarida paydo bo‘lishi mumkin.
Yangi yechimning asosiy afzalligi — foydalanuvchilardan hech qanday qo‘shimcha uskuna talab qilinmaydi. Smartfonlar past Yer orbitasidagi Starlink sun’iy yo‘ldoshlariga oddiy aloqa minoralariga ulangandek bevosita ulanadi. Hozircha muzokaralarning aniq bosqichi bo‘yicha rasmiy yoki insayderlik ma’lumotlari mavjud emas.
Ayni paytda Apple «Favqulodda SOS» funksiyasi uchun Globalstar bilan hamkorlik qilmoqda. Biroq insayderlarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgan. Apple ushbu kompaniyaga qariyb $2 mlrd sarmoya kiritganiga qaramay, Globalstar Starlink’ning bozordagi ustunligi fonida biznesini $10 mlrdga sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Apple esa 2026–2027-yillarga kelib, foydalanuvchilarga yerusti tarmoqlari mavjud bo‘lmagan hududlarda ham to‘liq sun’iy yo‘ldosh 5G-interneti va xabar almashish imkoniyatini taqdim etishni maqsad qilgan.
Loyiha uchun texnik asos Starlink’ning ikkinchi avlod (Gen2) sun’iy yo‘ldoshlari bo‘ladi. SpaceX AQSh Federal aloqa komissiyasidan (FCC) 15 mingta shunday apparatdan iborat guruhni ishga tushirishga ruxsat olgan. Gen2 sun’iy yo‘ldoshlari 20 barobar yuqori o‘tkazuvchanlikka ega bo‘lib, smartfonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Apple sun’iy yo‘ldosh aloqasi imkoniyatlarini uchinchi tomon ilovalariga integratsiya qilish uchun maxsus API taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu esa iPhone’larda sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple iPhone 18 Pro smartfonida 5G aloqasini joriy qilmoqchiligi haqida yozgandi.