
Samsung Galaxy smartfonlari uchun jamoat joylarida ishlashda maxfiylikni oshiruvchi yangi xavfsizlik funksiyasini rasman taqdim etdi. Bu haqda Sammobile ma’lum qildi.
Kompaniyaga ko‘ra, yangi funksiya yordamida foydalanuvchilar jamoat transportida yoki gavjum joylarda xabarlarni tekshirish yoki parol kiritishda atrofdagilarning ekranga qarab turishidan xavotir olmasligi mumkin. Texnologiya shoulder surfing deb ataladigan holatga qarshi mo‘ljallangan.
Yangi yechimning ishlash prinsipi yaxshi tanish. Ekranga to‘g‘ridan to‘g‘ri qaralganda tasvir tiniq saqlanadi, yon tomondan qaralganda esa o‘qilishi keskin yomonlashadi. Avvalroq One UI 8.5 beta-versiyasida aniqlangan animatsiya ham smartfon chap yoki o‘ng tomonga qiyshaytirilganda ekran asta-sekin xiralashishini ko‘rsatgandi.

Samsung matbuot relizida «piksel darajasi» atamasidan foydalanilgani bu faqat dasturiy yechim emasligini anglatadi. Taxminlarga ko‘ra, kompaniya MWC 2025 ko‘rgazmasida namoyish etilgan Flex Magic Pixel OLED texnologiyasiga o‘xshash apparat yechimdan foydalanmoqda.
Kompaniya yangi funksiyani moslashuvchan sozlash mumkinligini tasdiqladi. Foydalanuvchi uni tanlangan ilovalarda avtomatik yoqishi, parol va boshqa sezgir ma’lumotlar kiritilganda faollashtirishi hamda ekran qorayish darajasini burchakka qarab sozlashi mumkin bo‘ladi.
Yangi texnologiya Samsung Knox xavfsizlik ekotizimining bir qismi bo‘ladi va Knox Vault bilan birgalikda ishlaydi. Apparat darajasida joriy etilgani sababli bu funksiya faqat dasturiy ta’minotga asoslangan yechimlarga nisbatan ishonchliroq bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, u eski Galaxy modellarga yangilanish orqali kelmaydi.
Samsung hozircha bu funksiyani qaysi qurilmalar olishini ochiqlamadi, biroq qo‘llab-quvvatlovchi smartfonlar yaqin orada taqdim etilishini bildirdi. Avvalgi mish-mishlarga ko‘ra, yangi Privacy Display funksiyasi birinchi bo‘lib Galaxy S26 Ultra modelida paydo bo‘lishi mumkin. Galaxy S26 liniyasining taqdimoti 25-fevralga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S21 seriyasi so‘nggi yangilanishini olgani haqida yozgan edi.