Chevrolet Cobalt avtomobilidan qimmat «Jiguli» sotuvga qo‘yildi

29-yanvar 2026 09:52 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt avtomobilidan qimmat «Jiguli» sotuvga qo‘yildi
Foto: Mobile.de

Germaniyaning Pampov shahrida 1979-yilda ishlab chiqarilgan noyob «Jiguli» (VAZ-2103) sotuvga qo‘yildi. Avtomobil «vaqt kapsulasi» deb ta’riflanmoqda. Sababi, 45 yil davomida u atigi 2 ming km yo‘l bosgan.

E’lon mobile.de platformasida joylashtirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil hech qanday restavratsiya qilinmagan va zavoddan chiqqan holatini to‘liq saqlab qolgan.

Sedan 1,5 litrli karbyuratorli dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 75 ot kuchini tashkil etadi. Uzoq vaqt turganiga qaramay, texnik holati soz. Egasi barcha texnik suyuqliklarni va sarf materiallarini almashtirgan. Kuzov va yashirin qismlar uchun qo‘shimcha antikorroziya ishlovlari ham bajarilgan.

Foto: Mobile.de

Salon jigarrang ranglarda bezatilgan. O‘rindiqlardagi original qoplamalarda deyarli yeyilish izlari yo‘q. Xaridor avtomobil bilan birga zavod hujjatlari, servis daftarchasi va original kalitlar to‘plamini ham oladi.

Mazkur VAZ-2103’ning narxi 16 ming yevroni tashkil etadi. Avtomobil kolleksionerlar va klassik «Jiguli» ishqibozlari uchun alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Bu narx O‘zbekistondagi yangi Cobalt’dan ($13 ming) ham $3 ming dollarga qimmat.

Ma’lumot uchun, VAZ-2103 1970-yillarda Sovet avtomobil sanoatining nufuzli modellaridan biri bo‘lgan. Model 1972-yilda ishlab chiqarishga chiqarilgan va u asosan qulaylik darajasi yuqoriroq bo‘lgan yo‘lovchi sedani sifatida taklif etilgan. Avtomobil Italiyada ishlab chiqilgan Fiat 124 Special asosida yaratilgan.

Foto: Mobile.de

VAZ-2103 to‘rt eshikli kuzovga ega bo‘lib, orqa g‘ildirakdan tortish tizimi bilan jihozlangan. Model 1,5 litrli karbyuratorli benzin dvigateli bilan ishlab chiqarilgan. Dvigatel quvvati 75 ot kuchini tashkil etgan va o‘sha davr uchun yetarli dinamikani ta’minlagan. Maksimal tezligi taxminan 150 km/soatga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 52 yil avval ishlab chiqarilgan noyob «Jiguli» qariyb Chevrolet Malibu narxida sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek