
Motorola kompaniyasi Moto G liniyasining ikki yangi smartfoni G67 va G77 taqdim etdi. Buyuk Britaniyada narxi mos ravishda $277 va $346 ni tashkil etmoqda.

Moto G67 bazaviy versiyasida 4 GB operativ xotira bilan jihozlangan bo‘lib, bu smartfon bozorida xotira bilan bog‘liq yangi trendni ko‘rsatadi. Solishtirish uchun aytadigan bo‘lsak, 2024 yildagi Moto G64 modeli kamida 8 GB RAM bilan taqdim etilgan edi.

G67 modeli Dimensity 6300 protsessori bilan ishlaydi. Qurilmada 256 GB ichki xotira, 5200 mA·soat sig‘imli batareya va 30 vatt quvvat bilan zaryadlash tizimi mavjud. Ekran 6,8 dyuymli AMOLED bo‘lib, 120 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy kamera 50 MP, qurilmaning o‘lchamlari 164 × 77 × 7,3 mm, og‘irligi 182 g. Telefon namlikdan himoyalangan (IP64) va MIL-STD 810H harbiy standartlariga mos keladi.

Moto G77 modeli esa Dimensity 6400 protsessori bilan jihozlangan. U 8/256 GB xotira variantlariga ega, ekran, o‘lchamlari va himoya darajalari va quvvat tizimi G67 bilan bir xil, ammo asosiy kamera 108 MP.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Motorola Signature smartfoni 655 dollardan sotuvga chiqishi haqida xabar bergan edik.