O‘zbekiston Qozog‘iston go‘shtini qanchadan sotib oladi

2025-yilda O‘zbekiston Qozog‘istondan jami $189,9 millionlik 66,1 tonna yangi, muzlatilgan va sovutilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qildi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan xabar berdi.
O‘tgan yil O‘zbekistonga go‘sht eksporti miqdori 2024-yilga nisbatan 1,8 baravar va umumiy qiymati bo‘yicha esa 1,5 baravar oshdi.
Qozogʻistonning bir kilogramm goʻshtining oʻrtacha narxi oʻzbekistonlik importchilarga $2,87 ga tushdi, bu 2024-yilda bir kilogramm uchun $3,32 dollarni tashkil etgan. Ya’ni bir kilogramm go‘sht taxminan 36 ming so‘mdan import qilingan.
Oʻzbekiston Qozogʻiston goʻshtining eng yirik xaridori boʻlib qoldi — 2025-yilda Qozogʻiston $213,6 millionga yoki kilogrammi uchun $2,91 ga teng 73,3 ming tonna goʻsht eksport qildi.
Taqqoslash uchun, Qozog’iston BAAga 830,2 tonna go‘sht yetkazib berdi va buning evaziga $6,4 million oldi. Bu BAA importchilari Qozog‘iston go‘shtining har bir kilogrammi uchun $7,7 to‘laganini anglatadi. Avvalroq BAAda Qozog‘iston qo‘zichoq go‘shtiga talab yuqori ekani haqida xabar berilgan edi.
2025-yilning ikkinchi yarmida Qozog‘iston bozorlari va do‘konlarida chakana go‘sht narxlarining sezilarli darajada oshishi qayd etildi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda yillik inflyatsiya 12,3 foizni tashkil etdi. 2025-yilda eng katta narx o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlariga to‘g‘ri keldi — 13,5 foiz, pullik xizmatlar 12 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari 11,1 foizga oshdi. Masalan, mol go‘shti narxi 32,1 foizga va qo‘y go‘shti 28,8 foizga oshdi.
Avvalroq «Kursiv» Qozog‘iston Osiyo davlatlariga go‘sht yetkazib beruvchi davlatga aylanishi mumkinligi haqida yozgandi.