Xitoyda milliard dollarlik jinoiy imperiyani boshqargan to‘daning 11 a’zosi qatl etildi

Xitoy Myanmada mafiya uslubidagi firibgarliklarni amalga oshirgan va qochishga uringan ishchilarni o‘ldirgan mashhur Min oilasi jinoyatchi to‘dasining 11 a’zosini qatl qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Min oilasi Myanma shimolidagi «To‘rt oila» deb nomlangan jinoiy sindikatlardan biri bo‘lib, internetdagi firibgarlik, fohishalik va giyohvandlik moddalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan yuzlab tashkilotlarni boshqarishda ayblangan. Ular o‘tgan yilning sentabr oyida qotillik, noqonuniy hibsga olish va firibgarlik kabi jinoyatlarda aybdor deb topilganidan so‘ng o‘lim jazosiga hukm qilingandi.
Ikki sudlanuvchi apellyatsiya shikoyati bergandi va ish Xitoyning eng yuqori sudi bo‘lgan Oliy xalq sudiga o‘tkazilgandi, sud esa asl hukmni o‘z kuchida qoldirdi.
Ushbu guruh firibgarlik va boshqa jinoyatlar bilan shug‘ullangan 10 ming kishidan iborat bo‘lgan. Ularning faoliyatidan yetkazilgan umumiy zarar 10 milliard yuandan (taxminan $1,4 milliard) ortiq deb baholanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» 2025-yilda qatl etishlar soni keskin oshgani haqida yozgandi.