Toshkentda kiberbunkerlar 200 mln so‘mlik firibgarlikni amalga oshirdi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uy yerto‘lasida fuqarolardan yirik miqdorda pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan kiberbunker faoliyati fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Andijon viloyatida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan, avval ham ikki bor sudlangan fuqaro va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni soxta tarzda Uzum Market’ning «yutuqli o‘yini» g‘olibi bo‘lgani bilan chalg‘itgan. Gumonlanuvchilar «sovg‘a» rasmiylashtirish uchun fuqarolarning kredit yoki mikroqarz limitidan vaqtincha pul o‘tkazilishi zarurligini, bu mablag‘ keyinchalik to‘liq qoplab berilishini va’da qilgan.




Natijada jabrlanuvchilar kredit va mikroqarz mablag‘larini Alhikma Ilm nomli korxonaga o‘tkazgan. Shundan so‘ng guruh a’zolari savdo platformalarida o‘zlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ko‘rsatib, buyurtma talab qilgan yoki shikoyat qilgan mijozlarga sifatsiz, arzon yoki umuman buyurtmaga mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan. Bu orqali fuqarolarning e’tibori chalg‘itilib, kredit va mikroqarz limitlari to‘liq o‘zlashtirilgan, keyin esa ular bilan aloqa uzilgan.
Tekshiruv davomida Chilonzor tumanida tashkil etilgan kiberbunkerda Alhikma Ilm, Aksiya Tech Shoop va Grandbook korxonalari orqali 16 nafar operator faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, firibgarlik bilan shug‘ullangan.



Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 50 nafar fuqaroning 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘i noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirilgan. Tezkor tadbirlar davomida 22 ta kompyuter jamlanmasi, mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari hamda 2,5 mingdan ortiq fuqarolarning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari saqlangan ro‘yxatlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda guruh a’zolarining boshqa hududlardagi firibgarlik holatlariga aloqadorligini aniqlash va yetkazilgan moddiy zarar miqdorini belgilash bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Mazkur korxonalar bilan bog‘liq firibgarlikdan jabr ko‘rgan fuqarolar Toshkent viloyati IIBBning +998 71 762 21 35, +998 71 762 20 24, +998 71 762 20 25 telefon raqamlariga yoki eng yaqin ichki ishlar organiga murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda noqonuniy tarzda oltin qaziyotganlar ushlangani haqida yozgandi.