O‘zbekiston Turkiya bilan tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazadi

Bugun, 29-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an raisligida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar yig‘ilish muborak Ramazon oyi arafasida, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida «Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida»gi shartnoma imzolanganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tayotganini ramziy voqea sifatida baholadilar.
Muloqot chog‘ida siyosiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, xalqaro va mintaqaviy masalalarda ikki davlat pozitsiyalari o‘xshash ekani alohida ta’kidlandi. BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari kun tartibining asosiy mavzularidan bo‘ldi. O‘zaro savdo hajmi va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma loyihalar soni oshib borayotgani qayd etildi. Kelgusi yillarda Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasidagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini $5 milliardga yetkazish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yo‘nalishlari ishlab chiqildi. Hududlararo hamkorlik salohiyati yuqori baholanib, yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar Turkiyaga tashrif buyurib, qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirishi ma’lum qilindi.
Qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Turizm va madaniyat yo‘nalishida esa teatr festivallari, madaniyat haftaliklari, tarixiy filmlarni birgalikda suratga olish hamda madaniy meros obyektlarini hamkorlikda tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2026-yil bahorida Buxoro shahrida to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yig‘ilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash topshirildi. Shuningdek, Mirziyoyev Erdo‘g‘anni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Anqaraga borgani haqida yozgandi.