Moskvada 70 yillik qor rekordi yangilandi

eʼlon qilindi
qor
Bu 1956-yilda qayd etilgan sutkalik rekorddan 5 santimetrga ko‘p
Foto: RIA Novosti

Rossiya poytaxti Moskvada yanvar oyidagi kuchli qor yog‘ishi so‘nggi 70 yildagi rekordni yangiladi. Bu haqda Gidrometmarkaz ma’lumotiga tayanib, RBC nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, bugun, 29-yanvar tongida qor qoplami balandligi 62 santimetrga yetdi. Bu 1956-yilda qayd etilgan sutkalik rekorddan 5 santimetrga ko‘p.

So‘nggi uch kun ichida shaharda oylik yog‘ingarchilik me’yorining 57 foizi yog‘di. Xususan, 27-yanvarda qor qoplami 41 sm bo‘lgan bo‘lsa, 28-yanvarda u 52 sm ga yetdi, 29-yanvar tongida esa 62 smni tashkil etdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yanvar oyida qor qoplamining me’yoriy balandligi odatda 20 – 33 santimetr atrofida bo‘ladi. Biroq bu yil 29 kunning 25 kunida, ya’ni deyarli 86 foiz holatda me’yor oshib ketgan.

Gidrometmarkaz hisob-kitoblariga ko‘ra, uch kunlik kuchli qor yog‘ishi davomida Moskvada 30 millimetr yog‘ingarchilik kuzatilgan. 27 va 28-yanvar kunlari har biri 13,5 millimetrdan, 29-yanvar tongida esa 3 millimetr qor yog‘gan. Ob-havo bo‘yicha mutaxassis Mixail Leus bu kunlarda sutkalik yog‘ingarchilik bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etilganini bildirdi.

Shuningdek, yanvar oyining o‘zida Moskvada yog‘ingarchilik bo‘yicha uchta tarixiy rekord yangilangan. Xususan, 9-yanvarda kuzatilgan kuchli qor yog‘ishi 146 yillik kuzatuvlar tarixidagi eng sernam besh yanvardan biri, XXI asrda esa eng kuchli uch qor yog‘ishidan biri sifatida qayd etilgan.

Natijada 29-yanvar holatiga ko‘ra, Moskvada yanvar oyida yog‘ingarchilik miqdori deyarli bir yarim oylik me’yorni tashkil qilgan. Mutaxassislar bu yilgi yanvarni XXI asrdagi eng nam uchinchi yanvar oyi deb baholamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShdagi kuchli qor bo‘roni qurbonlari 30 kishiga yetgani haqida yozgandi.

Shuningdek