Tojikiston 2025-yilda O‘zbekistonga qancha elektr energiyasini sotdi

2025-yilda Tojikistonning O‘zbekistonga elektr energiyasi eksporti 894,7 million kVt/soatni tashkil etdi. Bu haqda Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Tojikistonning umumiy elektr energiyasi eksporti 5,36 milliard kilovatt-soatni tashkil qildi. Bu 2024-yilga nisbatan 37,3 foiz (1,45 milliard kVt/soat) ko‘pdir. Xususan, uch mamlakatga elektr energiyasining tijorat eksporti 2,67 milliard kVt/soatni tashkil etdi, bu esa 912,8 million somoniy (taxminan $100 million) ga teng.
Afg‘onistonga 742,3 million somoniyga ($79,5 million) teng 1,76 milliard kVt/soat, O‘zbekistonga 169,8 million somoniyga ($18,19 million) teng bo‘lgan 894,7 million kVt/soat, shuningdek, Qirg‘izistonga esa 1,2 million somoniylik ($128,5 ming) 11,5 million kVt/soat elektr energiyasi eksport qilindi. Elektr energiyasining 90 foizdan ortig‘i daryolar oqimi yuqori bo‘lgan davrda – apreldan sentabrgacha yetkazib berilgan.

2025-yilda Tojikistonning elektr energiyasi importi hajmi 2,7 milliard kVt/soatni tashkil etdi, bu 2024-yilga nisbatan 67 foizga ko‘p. Shundan 2,69 milliard kVt/soat O‘zbekistondan, 13,9 million kVt/soat esa Qirg‘izistondan import qilingan.
Tojikistonda 2025-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 23,98 milliard kVt/soatni tashkil etdi, bu 2024-yilga nisbatan 6,5 foizga ko‘p. O‘tgan yili issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 1,33 million Gkalga yetgandi, bu 2024-yilga nisbatan 2 foizga ko‘p.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini yaratish uchun $1 mlrd ajratilishi haqida yozgandi.