
UEFA Yevropa ligasining guruh bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi va 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olgan sakkiz jamoa aniqlandi. Fransiyaning «Lion» va Angliyaning «Aston Villa» klublari 21 ochkodan jamg‘arib, turnir jadvalida yetakchilikni qo‘lga kiritdi.

«Panatinaikos» — «Roma» 1:1
8-turning eng markaziy va shiddatli o‘yinlaridan biri Afinada bo‘lib o‘tdi. O‘z maydonida «Roma» klubini qabul qilgan «Panatinaikos» 1:1 hisobida durang o‘ynadi. O‘yin davomida bir kishi kam bo‘lib qolgan rimliklar qiyinchilik bilan kerakli ochkoni qo‘lga kiritdi va to‘plar nisbatiga ko‘ra 8-o‘rinni band etib, pley-offning qo‘shimcha bosqichisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oldi.
«Portu» — «Reynjers» 3:1
Portugaliyada kechgan «Portu» va «Reynjers» to‘qnashuvi esa mezbonlarning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. «Portu» o‘z raqibini 3:1 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarildi va keyingi bosqich masalasini hal qildi. Shotlandiyaliklar esa ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng turnir jadvalining quyi qismiga tushib ketdi, ammo pley-off o‘tish o‘yinlarida qatnashish imkoniyatini saqlab qoldi.
«Aston Villa» — «Zalsburg» 3:2
Turning yana bir sermahsul uchrashuvi Birmingemda kuzatildi. «Aston Villa» o‘z maydonida Avstriyaning «Red Bull Zalsburg» jamoasini qabul qilib, 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabaga erishdi. Ushbu g‘alaba Unai Emeri shogirdlariga 21 ochko bilan 2-o‘rinni egallash imkonini berdi. Ispaniyaning «Real Betis» klubi esa o‘z uyida Niderlandiyaning «Feyenoord» jamoasini 2:1 hisobida yengib, kuchli to‘rtlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Liga bosqichi yakunlariga ko‘ra, «Lion», «Aston Villa», «Midtyulland», «Portu», «Real Betis», «Braga», «Frayburg» va «Roma» klublari to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 9-o‘rindan 24-o‘ringacha bo‘lgan jamoalar, jumladan, «Genk», «Bolonya», «Shtutgart», «Ferensvarosh» va «Nottingem Forest» kabi klublar 1/8 finalga chiqish uchun o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi.

Musobaqa to‘purarlari ro‘yxatida bolgariyaning «Ludogorets» klubi hujumchisi Petar Stanich 7 ta gol bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinda esa «Nottingem Forest» klubi hujumchisi Igor Jezus bormoqda. Uning hiisobida 6 ta gol mavjud.
8-turda qayd etilgan natijalar:
- «Midtyulland» — «Dinamo Zagreb» 2:0;
- «Lion» — «PAOK» 4:2;
- «Ludogorets» — «Nitssa» 1:0;
- «FCSB» — «Fenerbaxche» 1:1;
- «Aston Villa» — «Zalsburg» 3:2;
- «Makkabi Tel-Aviv» — «Bolonya» 0:3;
- «Betis» — «Feyenord» 2:1;
- «Nottingem Forest» — «Ferensvarosh» 4:0;
- «Bazel» — «Viktoriya Plzen» 0:1;
- «Lill» — «Frayburg» 1:0;
- «Panatinaikos» — «Roma» 1:1;
- «Go Ahead Eagles» — «Braga» 0:0;
- «Portu» — «Reynjers» 3:1;
- «Shtutgart» — «Yang Boyz» 3:2;
- «Shturm» — «Brann» 1:0;
- «Seltik» — «Utrext» 4:2;
- «Srvena Zvezda» — «Selta» 1:1;
- «Genk» — «Malmyo» 2:1.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Tottenxem» bir kishi kam bo‘lib qolgan «Borussiya Dortmund»ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.