
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston hududi orqali harakatlanayotgan qirg‘izistonliklardan avtomobil sug‘urtasi va oynalarni qoraytirish uchun to‘lov undirish qoidalarini bekor qilish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Jogorku Kenesh yig‘ilishida ma’lum qildi.
Deputatlarning savollariga javob berar ekan, u hozirda bu masala hal qilinayotganini ta’kidladi.
«Qirg‘izistonning bir hududidan boshqasiga o‘tishda, ayniqsa, mamlakat janubida, O‘zbekiston orqali tranzit harakat qilinganda muammolar yuzaga kelmoqda. Haydovchilarimizdan sug‘urta sotib olish talab qilinadi. Avtomobil oynalari qoraytirilgan bo‘lsa, buning uchun alohida to‘lov ham so‘raladi. Biz tomondan bunday talablar yo‘q. Shu bois qo‘shni tomondan bu talablarni bekor qilish masalasini ko‘tarishni taklif etamiz», – deydi deputat Doston Bekeshev.
Almaz Imangaziyevning so‘zlariga ko‘ra, bunday iltimos O‘zbekiston tomoniga allaqachon yetkazilgan va hozirda ular ichki tartib-taomillarni amalga oshirmoqda.
«Agar O‘zbekiston tomoni yaqin vaqt ichida ushbu tariflarni bekor qilmasa, Qirg‘iziston ham O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan xuddi shunday tariflarni qo‘llaydi», – deydi u.
Avvalroq «Kursiv» M1 toifasidagi yengil avtomobillar uchun orqa va old yon oynalarni qoraytirishga (tusini o‘zgartirishga) har yili 1-maydan 31-avgustgacha ruxsatnoma berilishi mumkinligi haqida yozgandi.