MG kompaniyasi yangi avtomobilini namoyish qildi

30-yanvar 2026 12:51 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: MG

MG kompaniyasi yangi avtomobilini namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina texnologiya nashri xabar bermoqda.

E’lon qilingan tasvirda kupe uslubidagi siluetga ega sedan aks etgan. Avtomobil tom qismiga o‘rnatilgan lidar sensori va yarim yashirilgan eshik tutqichlari bilan ajralib turadi. Biroq MG hozircha model nomi, texnik ko‘rsatkichlari, yurish zaxirasi, narxi va bozorga chiqish muddati bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermagan.

Kompaniya avtomobilning seriyali ishlab chiqarilishi yoki uning mavjud MG modellari bilan bog‘liqligini ham rasman tasdiqlamadi. Shunga qaramay, yangi sedan tashqi ko‘rinishi bilan hozirda Xitoy bozorida benzinli dvigatel bilan sotilayotgan MG7 modeliga juda o‘xshash.

Foto: MG

Xitoy OAVlari yangi elektromobil dizayni SAIC konserniga mansub yana bir sedan – SAIC Z7 modeliga ham yaqinligini qayd etmoqda. Ushbu model ham kupe shaklidagi kuzov va tomga o‘rnatilgan lidar sensori bilan tanilgan. Ammo SAIC MG ushbu avtomobillar o‘rtasida platforma yoki dizayn bo‘yicha umumiylik borligini rasman tasdiqlamagan.

Ma’lumot uchun, MG7 hozirda Xitoyda 137,9 ming yuandan 178,9 ming yuangacha bo‘lgan rasmiy narxlarda sotilmoqda ($19,7 ming – 25,6 ming). Subsiya hisobga olingan vaqtinchalik narxlar esa 116,9 ming yuandan 154,9 ming yuangacha tushirilgan ($16,7 ming – 22,1 ming). Ushbu narxlar faqat ichki yonuv dvigateliga ega MG7 uchun amal qiladi va yangi elektr sedan narxiga aloqador emas.

Foto: MG

MG7’ning benzinli versiyasi 1,5 litrli 188 ot kuchiga ega dvigatel yoki 2,0 litrli 261 ot kuchi ishlab chiqaruvchi motor bilan taklif etiladi. Biroq bu texnik ko‘rsatkichlar faqat mavjud modelga taalluqli bo‘lib, yangi elektromobil uchun tasdiqlanmagan.

MG hozircha yangi elektr sedan platformasi, batareya konfiguratsiyasi, elektromotor quvvati va haydovchiga yordam beruvchi tizimlar haqida ma’lumot bermadi. Tomdagi lidar mavjudligi ilg‘or haydovchiga yordamchi texnologiyalar qo‘llanishidan darak beradi, ammo uning imkoniyatlari hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri MG4 Anxin Edition yetkazib berilishi boshlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek