O‘zbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar 181,3 mlrd so‘m soliq to‘ladi

2025-yilda O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy IT-kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlar hajmi keskin oshdi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida 78 ta xorijiy kompaniya jami 181,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan qariyb 50 foizga ko‘pdir. Eng yirik soliq to‘lovchilar orasida Apple yetakchi bo‘lib, kompaniya budjetga 49,5 mlrd so‘m yo‘naltirgan. Shundan keyin Meta 49 mlrd so‘m, Google esa 44,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan. So‘nggi yillarda faoliyati keskin kengaygan OpenAI O‘zbekistonda 11,7 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Shuningdek, xalqaro onlayn platformalar va xizmatlar ham yirik to‘lovchilar qatoridan joy olgan. Booking.com 4,3 mlrd so‘m, TikTok 3,5 mlrd so‘m, Netflix 1,8 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Moliyaviy va raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi ACCA, Xsolla va Amazon ham umumiy tushumda sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Amaldagi tartibga muvofiq, O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar soliq hisobotlarini har chorakdan keyingi oyning 20-kuniga qadar taqdim etishi va soliqlarni belgilangan muddatlarda to‘lashi shart.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors kompaniyasining soliq tushumlari 42 foizga pasaygani haqida yozgan edi.