UzAirways 22 ta Boeing 787 Dreamliner xaridi uchun kredit jalb qilmoqchi

Uzbekistan Airways kompaniyasi 22 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini sotib olish uchun kredit mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 28-yanvar kuni milliy aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuxrat Xudaykulov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Samolyotlarni yetkazib berish 2030-yilning oxirida boshlanadi va 3–4 yil davom etadi. Dastlabki rejaga ko‘ra, har yili aviakompaniya parkiga 4–5 ta yangi samolyot qo‘shib boriladi.
«Parvozlar geografiyasiga, respublika ichidagi va xalqaro qatnovlar faolligiga qarasak, bunday qaror qabul qilishga to‘g‘ri keldi. Hozir Uzbekistan Airways asosan Boeing 767 samolyotlaridan foydalanmoqda. Boeing 787 esa kelajak samolyoti. Parkni yangilash vaqti keldi», — dedi u.
Mutaxassislarni tayyorlash uchun 2025-yilda o‘quv-trening markazida Boeing 787 Dreamliner uchun to‘liq parvoz trenajyori o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu MDH davlatlarida birinchi shunday trenajyor bo‘ladi. Ushbu uskuna bo‘yicha shartnoma allaqachon imzolangan. Avval faqat Boeing 767 va Airbus A320 samolyotlari uchun trenajyorlar mavjud edi.

Shuxrat Xudaykulov 22 ta samolyotning umumiy narxini oshkor etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tijorat siri hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, samolyotlarni sotib olish uchun kredit mablag‘lari jalb qilinadi, ammo kompaniyaning moliyaviy holati barqaror.
«Kompaniya bugun to‘liq to‘lovga qodir. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, sof foyda 1,3 trillion so‘m, ya’ni $100 milliondan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Bunday o‘sishni ko‘rsatayotgan kompaniya buni ko‘tara oladimi? Albatta, ko‘tara oladi», — dedi u.
Uning aytishicha, barcha moliyaviy hisob-kitoblar amalga oshirilgan. Samolyot sotib olish bo‘yicha qaror kuzatuv kengashi, yagona aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek, hukumat bilan kelishilgan holda qabul qilingan.
Shuningdek, aviakompaniya rahbari ijtimoiy tarmoqlarda 22 ta Boeing 787 samolyoti go‘yoki Rossiya manfaatlari uchun olinmoqda, degan gaplar tarqalayotganiga munosabat bildirdi. U barcha samolyotlar faqat O‘zbekiston manfaatlari uchun xizmat qilishini alohida urg‘uladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilarining yangi formasini taqdim etgandi.
Shuningdek, «Kursiv» kompaniya 2025-yilni 1,3 trillion soʻm foyda bilan yakunlagani haqida yozgandi.