Buxoroda ikki qavatli uyda gaz portladi: jarohatlanganlar bor

31-yanvar kuni ertalab Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi xonadonlardan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi yuz berdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati hodisa tafsilotlarini ochiqladi.
Favqulodda xabar 112 tizimiga soat 08:23 da kelib tushgan. Hodisa «Tinchlik» MFY, Sho‘robod ko‘chasida joylashgan ikki qavatli uyda sodir bo‘lgan. Voqea joyiga zudlik bilan FVV qutqaruvchilari va tegishli maxsus xizmat vakillari yetib borib, vaziyatni nazoratga olgan.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, ko‘ngilsiz hodisaga gaz plitasidan foydalanish jarayonida gaz sizib chiqishi va uning xonada to‘planishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Chaqnash oqibatida 2 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan va tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan shifoxonaga olib ketilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda noma’lum dron portlagani haqida xabar bergan edi.