Nissan quvvatlash ehtiyojini 65 foizga kamaytiradigan elektromobilni namoyish etdi

Nissan kompaniyasi o‘zining mashhur Ariya elektromobili negizida quyosh energiyasidan quvvat oluvchi konseptni taqdim etdi. Dubay va Barselona muhandislari hamkorligida ishlab chiqilgan ushbu loyiha haydovchilarni quvvatlash stansiyalariga bo‘lgan bog‘liqlikdan sezilarli darajada xalos etishni maqsad qilgan.

Yapon avtomobilsozlik giganti taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi Ariya modeli umumiy maydoni 3,8 kvadrat metrni tashkil etuvchi quyosh panellari bilan jihozlangan. Ushbu panellar avtomobilning kapoti, tomi va orqa eshigiga integratsiya qilingan bo‘lib, ular maxsus polimer va shisha asosida tayyorlangan. Tizim quyosh nurini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr energiyasiga aylantirib, uni boshqaruvchi kontroller orqali batareyalarga yo‘naltiradi.
Sinov natijalari shuni ko‘rsatdiki, ideal ob-havo sharoitida ushbu tizim avtomobilga kuniga 23 km qo‘shimcha yurish masofasini taqdim eta oladi. Quyosh faolligi yuqori bo‘lgan shaharlarda samaradorlik turlicha. Barselonada kunlik o‘rtacha qo‘shimcha masofa 17,5 kmni, Dubayda esa 21,2 kmni tashkil etadi.

Nissan mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi texnologiya haydovchilarning quvvatlash stansiyalariga murojaat qilishini 65 foizgacha qisqartirishi mumkin. Loyiha ustida ishlashda Nissan’ga Gollandiyaning Lightyear kompaniyasi hamkorlik qilgan bo‘lib, ular yangi avlod quyosh panellarini yetkazib berishgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nissan Qozog‘istonda Qashqai va Patrol modellarini savdoga chiqargani haqida xabar bergan edi.