Janubiy Afrikada halokatli suv toshqinlari: 1,3 million kishi jabrlandi

Janubiy Afrika mintaqasida bir necha hafta davom etgan kuchli yog‘ingarchiliklar keng ko‘lamli suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Tabiiy ofat oqibatida Mozambik, Janubiy Afrika Respublikasi va qo‘shni davlatlarda jami 1,3 mln aholi jabr ko‘rgan. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat Mozambik hisoblanadi. Mamlakat bo‘ylab 645 mingdan ziyod kishilar toshqin ta’sirida qolgan va kamida 112 kishi halok bo‘lgan. Hozirda 91 ming nafar fuqaro 68 ta vaqtinchalik joylashtirish markazlariga ko‘chirilgan, 99 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Infratuzilma va iqtisodiy zararlar tinimsiz yomg‘irlar oqibatida daryolar o‘zanidan toshib, to‘g‘onlarni yuvib ketgan. Ayrim hududlarda bir sutka ichida 250 mm yog‘in tushgani qayd etildi. Mozambik bo‘ylab qariyb 800 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan. Poytaxt Maputoni mamlakatning janubiy viloyatlari bilan bog‘lovchi asosiy transport yo‘laklari uzilib qolgan.
Transport vaziri Joao Matlombening ta’kidlashicha, hukumat oziq-ovqat va zaruriy mahsulotlar yetkazib berish uchun temir yo‘l, havo va dengiz transportidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Janubiy Afrika Respublikasi hukumati Mozambikka yordam berish uchun harbiy havo kuchlari vertolyotlarini jalb qilgan.

JARning Mpumalanga va Limpopo provinsiyalarida ham odamlar daraxtlar va binolar tomida qolib ketgan holatlar kuzatilgan, qutqaruvchilar 500 ga yaqin kishilarni evakuatsiya qilgan. JARdagi mashhur Kruger milliy bog‘i ham ofatdan chetda qolmadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Uilli Okampning so‘zlariga ko‘ra, bog‘dagi ko‘priklar va yo‘llarni qayta tiklash uchun taxminan $31 mln talab etiladi va bu jarayon besh yilgacha cho‘zilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokistonda kuchli suv toshqini oqibatida 950 dan ortiq kishilar halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.