Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida qonli otishma sodir bo‘ldi

eʼlon qilindi
Chegarachilar qurolli guruh bilan to‘qnash keldi
Foto: OSCE

29-yanvar kuni Tojikiston va Afg‘oniston chegarasidagi Shamsiddin Shohin tumanida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari xabariga ko‘ra, chegarani noqonuniy kesib o‘tgan kontrabandachilar qarshilik ko‘rsatgan, natijada ulardan uch nafari otishma paytida halok bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqea soat 19:30 atrofida «Bahorak» chegara posti hududida sodir bo‘lgan. Afg‘oniston tomonidan 5 nafar qurollangan shaxs chegarani buzib o‘tib, Tojikiston hududiga kirgan. Chegarachilarning to‘xtash haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmagan qoidabuzarlar o‘t ochgan va ortga qochishga uringan.

Afg‘onistonning Taxar viloyatida istiqomat qilgan Jovid Davlatmand, Rashid Davlatmand va Sobir Zohir voqea joyida zararsizlantirilgan. Guruhning qolgan ikki a’zosi qorong‘ilikdan foydalanib, ortga qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Voqea joyini ko‘zdan kechirish davomida 3 dona Kalashnikov avtomati, 4 ta o‘qdon, 150 dona patron va 1 ta qayiq topilgan. Shuningdek, 4 ta qopda joylangan jami 73 o‘ramdagi gashish va opiy turidagi giyohvandlik moddalari musodara qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tojikiston chegara hududiga Afg‘oniston tomonidan qurolli hujum sodir etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek